СОҒЛИҚНИ САҚЛАШ ВАЗИРИ АБДУҲАКИМ ХАДЖИБАЕВНИНГ ТИББИЁТ ХОДИМЛАРИГА БАЙРАМ ТАБРИГИ

SOG'LIQNI SAQLASh VAZIRI ABDUHAKIM XADJIBAEVNING TIBBIYoT XODIMLARIGA BAYRAM TABRIGI

23.03.2021 1294

 

SOG'LIQNI SAQLASh VAZIRI

ABDUHAKIM XADJIBAEVNING

TIBBIYoT XODIMLARIGA BAYRAM TABRIGI

 

Hurmatli tibbiyot xodimlari,

Qadrli yurtdoshlarimiz!

Shu tarovatli kunlarda tabiat uyg'onib, go'zal diyorimizga barchamiz orziqib, sog'inib kutgan Navro'zi olam kirib kelmoqda. Ming yillar davomida ma'naviy hayotimizning ko'rku ziynati bo'lib kelayotgan bu ajoyib, xosiyatli bayram bugun qalblarimizga yana cheksiz quvonch va zavq bag'ishlamoqda.

Barchamizning yodimizda, o'tgan yili ayni shu kunlarda davlatimiz, xalqimiz boshiga ulkan bir sinov, butun dunyo ahlini tahlikaga solgan koronavirus infektsiyasining tarqalishi boshlangan edi.  

Hayriyatki, davlatimiz tomonidan o'z paytida ko'rilgan tezkor, tizimli chora-tadbirlar hamda Siz aziz hamkasblarimizning mashaqqatli va fidokorona mehnatlaringiz natijasida ushbu xatarli kasallikning keng tarqalishiga yo'l qo'yilmadi, ayni paytda yurtimizda vaziyat barqaror bo'lib turibdi.

 Shunga qaramasdan, koronavirus infektsiyasiga qarshi kurashning eng oqilona, samarador usuli bo'lgan aholini virusga qarshi ommaviy emlash jarayonini boshlayapmiz. Ushbu keng qamrovli jarayon biz tibbiyot xodimlari zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklaydi, ishonamanki, pandemiya davrida xalqimiz ishonchini qozongan shifokoru hamshiralarimiz ushbu vazifaga ham sabr-qanoat, fidoyilik bilan yondashib, vaktsinatsiya jarayonini namunali tarzda o'tkazadi. 

Bu yil karantin talab-qoidalariga amal qilingan holda Navro'z umumxalq bayrami katta sayl tarzida emas, faqat mahallalar miqyosida ko'p odam yig'masdan o'tkazilmoqda. Ammo ushbu shodiyona o'zining o'lmas ruhi, umuminsoniy g'oyalari bilan bashariyat hayotidagi chuqur o'rnini  yo'qotmagan. 

Barchangizga ayonki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining qarori bilan 21 mart butun dunyoda Xalqaro Navro'z kuni sifatida nishonlanadi. Keyingi yillarda, albatta, ushbu bayramni katta shodiyona ko'rinishida o'tkazish barchamizga nasibi ro'z aylagan bo'lsin! 

Fursatdan foydalanib, aziz tibbiyot xodimlari, qadrli yurtdoshlarimizni hammamiz uchun suyukli va ardoqli Navro'z bayrami bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman! Barchangizga tinchlik-xotirjamlik, sog'lik-salomatlik, baxtu saodat tilayman! Barcha ezgu niyat va maqsadlarimiz amalga oshsin! 

NAVRO'ZI OLAM BARChAMIZGA MUBORAK BO'LSIN!

Telegram Instagram +99866 238-67-26