SamDTU va ko‘p tarmoqli klinikasi mutaxassislari Xitoydagi xalqaro forumda ishtirok etdi
Samarqand davlat tibbiyot universiteti ko‘p tarmoqli klinikasi Neyroxirurgiya bo‘limi mudiri Xoliyor Xolmurotovich Rajabov universitet huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi 3D laboratoriyasi xodimlari hamda Neyroxirurgiya kafedrasi ilmiy to‘garagi a’zolari bila birgalikda 2026-yil 26–27-iyun kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida Xinjiang Medical University birinchi klinikasi tomonidan tashkil etilgan “2026 Xinjiang Silk Road Health Forum” xalqaro ilmiy-amaliy anjumanida ishtirok etdi. Tadbirda 20ga yaqin mamlakatlardan tashrif buyurgan tibbiyot sohasi vakillari, klinik mutaxassislar va oliy tibbiy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdilar.
Xalqaro forum doirasida sog‘liqni saqlash, tibbiy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va klinik amaliyot yo‘nalishlarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur tadbirda Xoliyor Xolmurotovich Rajabov “Samarqand–Shinjon neyroxirurgiya hamkorligi: akademik hamkorlikdan klinik va ta’lim sohasidagi hamkorlik sari” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Xinjiang Medical University o‘rtasida so‘nggi yillarda yo‘lga qo‘yilgan akademik, klinik va ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalari, o‘zaro tashriflar, mutaxassislar almashinuvi, yosh neyroxirurglarni tayyorlash hamda kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Tashrifning ikkinchi kuni Xitoylik mutaxassislar tomonidan mehmonlarga 3D laboratoriya faoliyati namoyish etildi. Laboratoriyada neyroxirurgiya, yuz-jag‘ jarrohligi, travmatologiya va tibbiyotning boshqa yo‘nalishlarida qo‘llanilayotgan turli 3D printerlar, 3D skanerlar hamda individual anatomik modellar tayyorlash imkoniyatlari bilan yaqindan tanishildi. Mazkur jarayonlarda laboratoriya faoliyatini tashkil etish, tibbiyotda 3D texnologiyalarni qo‘llash, individual anatomik modellar tayyorlash va jarrohlik amaliyotlarini oldindan rejalashtirish bo‘yicha xitoylik mutaxassislar bilan tajriba almashdilar.
Tashrif davomida o‘tkazilgan uchrashuv va muloqotlar ikki tomon uchun ham foydali bo‘lib, kelgusida neyroxirurgiya, neyroreabilitatsiya va tibbiyotda 3D texnologiyalarni qo‘llash yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratildi.