SSV: Vazir Samarqandda xususiy tibbiyot vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
Sog‘lom raqobat har sohada kerak. Jumladan, tibbiyotda ham! Shu bois bugun sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektor ulushini yildan yilga oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Bu esa mazkur yo‘nalishda sog‘lom raqobat muhitini yaratish orqali tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish imkonini berayotir. Biroq soha vakillarini qiynayotgan masalalar ham yo‘q emas.
Samarqand shahrida Prezident Administratsiyasi mas’ullari va Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov ishtirokida o‘tgan uchrashuvda ayni shu muammolar atroflicha tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, yaqin yillargacha mamlakatimizdagi xususiy klinikalarda murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish imkoni bo‘lmagan. Bugun esa ko‘plab yuqori texnologiyali muolaja usullari ushbu tibbiyot muassasalarida muvaffaqiyatli bajarilyapti.
Jumladan, yurtimizda xususiy tibbiyotni qo‘llab-quvvatlash va soha faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan e’tibor natijasida 2017 yilda qariyb 3,3 mingtani tashkil etgan nodavlat shifoxonalar soni bugungi kunda 9 mingga yaqinlashdi.
Prezidentimizning joriy yil 5-maydagi tegishli farmoni bilan 2030 yilga qadar xususiy sektorning tibbiy xizmatlar ko‘rsatishdagi ulushini 30 foizga yetkazish belgilangan.
Shuningdek, milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga 2027-yil 1-maydan boshlab qonunchilikda belgilangan tartibda transplantatsiya amaliyotini bajarishga ruxsat berilishi, ushbu sektor salohiyatini yaqqol namoyon etishi, shubhasiz.
Ochiq muloqotda xususiy tibbiyot muassasalari vakillari va farmatsevtika yo‘nalishida ishlayotgan tadbirkorlar tomonidan sohadagi mavjud muammolar bo‘yicha bildirilgan barcha fikr va takliflar atroflicha tahlil qilindi. Qolaversa, ularni bartaraf etish, tizimda yanada qulay va shaffof biznes muhitini yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.