“O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kuni”ga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Samarqand davlat tibbiyot universitetining ko‘p tarmoqli klinikasida mazkur yilning 13 noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kuni”ga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishni klinika bosh shifokori, professor N.N. Abdullaeva ochib berdi va klinika xodimlariga har kungi fidokorona mehnati uchun samimiy minnatdorligini izhor etdi. Nargiza Nurmamatovna o‘z chiqishida muxtaram Prezidentimizning tibbiyot xodimlariga bo‘lgan yuksak e’tibori, tibbiyot tizimini yanada rivojlantirish borasida belgilab bergan vazifalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar hamda mazkur topshiriq va vazifalar asosida klinika mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan innovatsiyalar, erishilgan yutuqlar va ularning ko‘rsatkichlariga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Shu o‘rinda Nargiza Nurmamatovna Samarqand davlat tibbiyot universitetining ko‘p tarmoqli klinikasi “Eng yaxshi klinika” nominatsiyasida g‘olib bo‘lganini aloxida ta’kidladi va berilgan guvoxnoma yig‘ilish ishtirokchilariga ko‘rsatildi.
Shunda so‘ng Nargiza Nurmamatovna bolalar asab kasalliklari bo‘limi vrachi Z.R. Jabbarovaga “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishonini, tug‘ruq majmuasi vrach- neonatologi N.A. Kurbanovaga Samarqand viloyat xokimining “Tashakkurnomasi”ni viloyat xokimligining esdalik sovg‘alari bilan birga, shu bilan birga koloproktologiya bo‘limi vrachi A.A. Shodmonovga O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining “Faxriy yorlig‘i” va qimmatbaxo esdalik sovg‘asini, kadrlar bo‘limi mudiri Z.M. Ikramovaga malaka sertifikatini topshirdi.
Tantanali tadbirda “Tibbiyot xodimlari kuni” bayrami munosabati bilan xodimlarini pul mukofotlari bilan moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida bosh shifokorning buyrug‘i o‘qib eshittirildi va Nargiza Nurmamatovna tantanali ruhda klinikaning eng ilg‘or mutaxassislariga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Yig‘ilishni yakunlab, Nargiza Nurmamatovna klinika ma’muriyati nomidan mutaxassislarga fidokorona mehnati uchun yana bir bor minnatdorchiligini va ezgu tilaklarini bildirdi.